AQSh Senatiga Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish taklifi kiritiladi. Bu haqda respublikachi senator Jeyms Rish C5+1 platformasining 10 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvda maʼlum qildi.

Kecha Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari, jumladan O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov AQSh Davlat kotibi Mark Rubio bilan uchrashdi. Undan bir kun oldin Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish va Markaziy Osiyo hamda AQSH (C5+1) davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Vashingtonga amaliy tashrifi bilan kelgan edi.

C5+1 platformasi yilligiga bag‘ishlangan qabulda respublikachi senator Jeyms Rish o‘z nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlarining “beqaror” Rossiya va “tobora tajovuzkor” Xitoy kabi taʼsirli davlatlar orasida joylashganini, bu davlatlar butun dunyoda o‘z manfaatlarini ko‘zlayotganini taʼkidladi.

“Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga manfaatdor sherik bilan ishlash va o‘zaro iqtisodiyotni rivojlantirish uchun haqiqiy imkoniyat taklif qilmoqda. Bundan tashqari, men senator [Stiv] Deyns va hamkasblarim bilan birga ushbu hafta eskirgan to‘siqlarni olib tashlash va C5+1 formatidagi hamkorlarimiz bilan iqtisodiy faollikni oshirish yo‘lini ochib beradigan qonun loyihasini kiritish uchun birlashdim. Gap Jekson-Venik [tuzatishi doirasidagi] cheklovlarni bekor qilish haqida bormoqda”, — dedi senator.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlikning yangi “qizg‘in davrini” boshlamoqda.

5-noyabr kuni prezident AQSh Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha Kokus hamraisi, respublikachi senator Stiv Deyns bilan uchrashdi. Shuningdek, davlat rahbari AQSh Kongressi Vakillar palatasi aʼzolari Bill Xayzinga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi.

Jekson-Venik tuzatishi Savdo qonuniga AQSh Kongressi tomonidan 1974-yilda sovuq urush davrida qabul qilingan edi. U fuqarolarning emigratsiyasiga ruxsat bermagan yoki bunga to‘sqinlik qilgan “bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan” mamlakatlar bilan savdo aloqalarini cheklaydi.

Asosiy maqsad Sovet Ittifoqi va boshqa sotsialistik lager mamlakatlaridan chiqib ketishni taqiqlashga qarshi kurashish edi. SSSR allaqachon parchalanib ketgan bo‘lsa-da, tuzatish Markaziy Osiyoni ham qo‘shgan holda, baʼzi mamlakatlar uchun kuchda qolgan edi.

2024-yil iyun oyida AQSH savdo vakili Ketrin Tay O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Amerika tomoni O‘zbekistonning Jekson-Venik tuzatishini bekor qilishga qiziqishini maʼqulladi.

Yanvar oyida AQSh davlat kotibi lavozimiga nomzod bo‘lgan Mark Rubio Senatdagi tinglovlar davomida Jekson-Venik tuzatishini “o‘tmish davr qoldig‘i” deb atadi. U AQSh Savdo vazirligi allaqachon Qozog‘istonni bozor iqtisodiyoti deb tan olganini, bu esa ushbu qonunning eskirganligini yana bir bor tasdiqlashini taʼkidladi. Uning fikricha, mintaqalar bilan munosabatlarda yangi yondashuvlarni izlash muhim, o‘z dolzarbligini yo‘qotgan mexanizmlarga tayanib qolmaslik kerak.

Spot, avvalroq, Komil Allamjonov AQShga o‘zbekistonliklar uchun 10 yillik viza joriy etishni taklif qilgani haqida yozgandi.