Prezident Administratsiyasi rahbari maslahatchisi Komil Allamjonov AQSh hukumatini o‘zbekistonliklar uchun 10 yillik vizalar joriy etishga chaqirdi. U bu haqda X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
3-noyabr kuni Allamjonov Xʼda O‘zbekiston 2026-yildan AQSh fuqarolari uchun vizalarni bekor qilishi haqidagi xabarni eʼlon qilgandi. Amerikaliklar uchun mamlakatga kirgan paytdan boshlab 30 kungacha bo‘lgan vizasiz rejim o‘rnatiladi.
AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau xabarni ijobiy baholab, uni sharhlab o‘tdi.
“Bu ajoyib yangilik bo‘lib, u O‘zbekistonning Amerika sayyohligi uchun ulkan salohiyatini ochib berishi kerak”, — deya yozdi u.
Javob tariqasida Komil Allamjonov so‘nggi uchrashuvda Kristofer Landau va AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Serjio Gor amerikaliklar uchun vizalarni bekor qilish masalasini ko‘targanini taʼkidladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston AQShdan kelgan sayyohlar uchun ochiq.
Prezident Administratsiyasi rahbari maslahatchisi B1/B2 (xususiy yoki ishbilarmonlik safari) vizalarini 1 yildan 10 yilgacha uzaytirish “O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash yo‘lidagi katta qadam bo‘lishini” qayd etdi.
27-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Serjio Gor boshchiligidagi Amerika delegatsiyasini qabul qilgan edi. Amerika tomonidan, shuningdek, Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.
Shu yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha choralarni tasdiqladi. Prezident farmoni, shuningdek, boshqa mamlakatlardan O‘zbekistonga kirishni soddalashtirish choralarini ham nazarda tutadi.
Xususan, prezident Tashqi ishlar vazirligiga AQSh fuqarolari uchun 30 kungacha bo‘lgan vizasiz rejim to‘g‘risida takliflar kiritishni topshirdi. O‘z navbatida, Amerika tomonidan o‘zbekistonliklar uchun viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash va yakuni bo‘yicha taklif kiritish kutilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Slovakiya viza olish tartibini soddalashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.

