O‘zbekiston Kanada va Panama bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
“O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 11-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Kanada va Panama bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokollarni muvaffaqiyatli imzoladi”, — deb yozdi u LinkedIn’da.
Urunov post ostidagi izohlarda O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun yana uchta davlat bilan kelishib olishi kerakligini ta’kidladi, bu mamlakatlar ro‘yxati keltirilmagan.


Oktabr oyi oxirida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni to‘liq yakunladi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Panama bilan ham muzokaralar yakunlanganini ma’lum qilgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi oktabr oyi o‘rtalarida shartnoma imzolangan Panamadan keyin O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan JSTning 31-a'zosi bo‘ldi. “Rasman: 31 davlat muzokaralarni yakunladi, faqat uchtasi qoldi”, — deya qo‘shimcha qildi Urunov.
Sentabr oyida O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollarni imzoladi. Azizbek Urunov JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda go‘sht importiga veterinariya ruxsatnomalarini rasmiylashtirish soddalashtirilishi haqida yozgandi.


