Qoraqalpog‘istonda Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi barpo etiladi. Bu haqdagi tegishli qaror prezident tomonidan imzolandi.

Markazni Xitoyning Everprosper Investment & Cunsulting Co. Ltd kompaniyasi quradi. Loyiha doirasida 2026−2030-yillarda investor tomonidan $400 mln investitsiya kiritiladi.

Uning hududida IT universitet, startaplar texnoparki va ularni qo‘llab-quvvatlash innovatsion guruhlari, yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, qurib foydalanishga topshirilgan ijtimoiy soha obyektlari investor tomonidan tegishli davlat organlari tasarrufiga beg‘araz o‘tkazib beriladi.

Markaz Xo‘jayli tumanida tashkil etiladi. Buning uchun jami 152 gektar yer qishloq xo‘jaligi mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.

Qoraqalpog‘iston budjetiga davlat budjetidan 2025−2028-yillarda, istisno tariqasida, 10 yil muddatga yillik 2 foiz stavkaga 1 trln so‘m miqdorida ssuda ajratiladi. Bu orqali markaz hududida ijtimoiy soha, muhandislik-kommunikatsiya va boshqa obyektlar quriladi.

Markaz hududida mamlakatga olib kiriladigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari va metall konstruksiyalar bojxona bojidan ozod etiladi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi huzurida davlat muassasasi shaklida Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi direksiyasi tashkil etiladi.

Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istonda SI loyihalari soliqlardan ozod qilinishi va investorlarga bevosita to‘lovlarga ruxsat berilishi haqida yozgandi.