AQSH Xalqaro moliyaviy rivojlanish korporatsiyasi (DFC) Toshkentda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni AQSh Xalqaro moliyaviy rivojlanish korporatsiyasi bosh direktori Ben Blekni qabul qildi.

Tomonlar energetika, muhim minerallar, moliya, transport, qishloq xo‘jaligi va IT sohalarida yirik qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqmoqda.

Xususan, ustuvor loyihalarni moliyalashtirish maqsadida qo‘shma investitsiya platformasini tezroq yaratish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash qayd etildi.

Shuningdek, korporatsiyaning mintaqaviy ofisini Toshkentda ochish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlat rahbari korporatsiyaning infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik asosida ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston AQSh texnogigantlari bilan loyihalarni moliyalashtirishga DFC va AQSh Eksimbankini jalb qilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, mamlakatda Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish hamda Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish rejalashtirilgan.