O‘zbekiston yana bir mamlakat bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

6-noyabr kuni Ekvador bilan bozorga kirish doirasidagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

“Ekvador tomoniga konstruktiv muloqot va qo‘llab-quvvatlash uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Biz bu jarayonga to‘liq ishonamiz va birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan faxrlanamiz. Ishlar davom etmoqda — oldinda JSTning yana ikkita a’zosi turibdi”, — deb yozdi u LinkedIn’da.

azizbek urunov, ekvador, jahon savdo tashkiloti, jst

Bundan bir kun oldin O‘zbekiston Kanada va Panama bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani ma’lum bo‘lgandi. Urunov post ostidagi izohlarda O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun yana uchta davlat bilan kelishib olishi kerakligini ta’kidladi, bu mamlakatlar ro‘yxati keltirilmagan.

Sentabr oyida mamlakat tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollarni imzoladi. Azizbek Urunov JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etgandi.

Oktabr oyi oxirida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan ham muzokaralarni to‘liq yakunladi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Yevropa Ittifoqi oktabr oyi o‘rtalarida shartnoma imzolangan Panamadan keyin O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan JSTning 31-a'zosi bo‘lganini ta’kidladi.

Avvalroq AQShning John Deere kompaniyasi O‘zbekistonga $300 mlnlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Amerika bilan birga agrar sohada kadrlar tayyorlanadi, soya va paxta yetishtirish bo‘yicha tajriba almashiladi.