Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar ko‘payib, qariyb $1 mlrdga yetdi. Savdo aloqalarini mustahkamlash, hududlararo hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish, shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengash ta‘sis etishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta‘kidlandi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e‘tibor qaratildi. AQShdan soya va paxta yetkazib berish, shuningdek, Amerikaning ilg‘or tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dastlabki shartnomalar tuzilgan.

Muzokaralar yakunida qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya platformasini yaratish orqali amaliy hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

AQSh kompaniyalari va moliya institutlari vakillari ishtirokidagi uchrashuv yakunida turli sohalarda ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi o‘tkazilgandi. Jumladan, Datacrop va Luis Dreyfus Company kompaniyalari o‘rtasida soya dukkaklari hamda shrot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Shuningdek, O‘zsanoateksport va Cargill kompaniyasi o‘rtasida esa paxta mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Avgust oyida O‘zbekiston AQShdan paxta import qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Paxta Assotsiatsiyasi bilan kechgan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va Made from U.S. Cotton tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

Spot, avvalroq, AQSh Xalqaro moliyaviy rivojlanish korporatsiyasi Toshkentda o‘z ofisini ochishi haqida yozgandi.