O‘zbekiston AQSh kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov C5+1 sammiti doirasida CNH Industrial kompaniyasining Shimoliy Amerikada hukumat bilan aloqalar bo‘yicha rahbari Matthew Hart bilan uchrashib, hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Bular qatorida qishloq xo‘jaligi texnikasini modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, servis xizmatlari va texnik qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish bor. Tomonlar sheriklikni kengaytirish, qo‘shma innovatsion loyihalarni boshlash va agrar sohada kadrlar tayyorlashda tajriba almashishga kelishib oldi.
John Deere vakillari bilan uchrashuvda esa kompaniyaning qishloq xo‘jaligi texnikasini mahalliylashtirish, yangilangan texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.



Tomonlar investitsiya hajmini oshirish, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani chuqurlashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishishdi. Shuningdek, “aqlli texnika"ni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
AQSh Savdo vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston John Deere korporatsiyasi bilan $300 mlnlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Shartnomaning yarmi — $150 mlni Ayova shtatining Ankeni shahridagi John Deere Des Moines Works zavodida ishlab chiqarilgan paxta terish texnikasini sotib olishga yo‘naltiriladi.
Ibrohim Abdurahmonov, shuningdek, AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) ilmiy tadqiqot, ta‘lim va iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari doktor Skott Hatchins bilan uchrashdi.


Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va ta‘lim yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, soya va paxta yetishtirish hamda qayta ishlash bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish, mahsulot eksportini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar agrar innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Spot, avvalroq, AQSh O‘zbekistonga paxta va soya yetkazib berishi haqida yozgandi.





