Endi chiqindi xizmatlarida faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Sanitar tozalash xizmatlarini yaxshilash va to‘lov intizomini mustahkamlash uchun 2026-yildan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlariga haq to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, endi sanitar tozalash sohasida iste‘molchilardan faqat ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi. Jismoniy va yuridik shaxslardan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar onlayn tizimlar orqali olinadi.
Agentlik bu orqali hisob-kitoblarni oson tekshirish va to‘lov cheklarini onlayn yuklab olish mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, bu jarayon shaffofligini taʼminlab, to‘lovlarni noqonuniy undirish va mablag‘larni o‘zlashtirishdagi korrupsion holatlarni kamaytiradi.
Mablag‘lar agentlikning maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi. Ular hisobidan haq to‘lash belgilangan subyektlarga hisobga olishning yagona tizimi orqali to‘lab beriladi. Bunda:
- sanitar tozalash korxonalariga qattiq maishiy chiqindilarni poligoniga yoki chiqindilarni qayta yuklash punktlariga topshirgani uchun (alohida tartib asosida tonna/kilometr hisobida);
- chiqindi poligonlariga/chiqindilarni qayta yuklash punktiga/chiqindilarni yoqish zavodiga chiqindilarni qabul qilgani va utilizatsiya qilgani uchun (tonna hisobida);
- ekosanoat zonalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga (har bir tonnasi uchun) to‘lanadi.
Agentlik buning natijasida mablag‘larning maqsadli sarflanishi, tizimda moliyaviy intizom va nazoratning kuchayishini kutmoqda.
Bundan tashqari, har oy yakuni bilan xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari baholab boriladi.
Uning natijasida sanitar tozalash korxonalari qizil, sariq va yashil toifalarga ajratiladi. Mazkur toifalar sanitar tozalash korxonalari uchun haq to‘lashda inobatga olinadi.
Samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori baholangan yashil toifadagi korxonalarga qolgan toifadagilarga nisbatan ko‘proq haq to‘lanadi.
2026-yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn qabul qilinadi. Jismoniy va yurdik shaxslar qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni billing va elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, Raqobat qo‘mitasi tomonidan Chiqindilarni boshqarish agentligiga aholidan olingan asossiz to‘lovlar bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.
