O‘zbekiston va Amazon‘ning Project Kuiper loyihasi yuqori tezlikdagi sun‘iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sherzod Shermatov loyiha bo‘yicha xalqaro iste‘molchilar biznesi direktori Liza Skalpone bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekistonda Project Kuiper tizimi xizmatlarini joriy etish, IT Park orqali raqamli ekotizimni rivojlantirish hamda yuqori tezlikdagi sputnik internet xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu tashabbus mamlakatda zamonaviy internet infratuzilmasini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli xizmatlarning qamrovini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta‘kidlandi.


Tomonlar Amazon Kuiper xizmatlarini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.
Oktabr oyida Amazon O‘zbekistonda sun‘iy yo‘ldosh internet xizmatlarini yo‘lga qo‘yishi ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda Raqamli texnologiyalar vazirligi Amazon Kuiper Commercial Services bilan mamlakatda sun‘iy yo‘ldosh internetini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.
16-oktabr kuni prezident huzuridagi taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish ko‘zda tutilgan.
Undan keyin, 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun 2026-yildan hududlarda yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Sun’iy yo‘ldoshli aloqa texnologiyalari sohasidagi kompaniyalar 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Avvalroq Toshkentda Markaziy Osiyo uchun sun’iy yo‘ldosh internet xabi yaratilishi haqida xabar berilgandi.
Amazon Kuiper — amerikalik xususiy aerokosmik kompaniya bo‘lib, orbital internet tarmoqlari va sun‘iy yo‘ldosh infratuzilmasini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Loyihaning asosiy maqsadi — aholini yuqori tezlikdagi internet xizmatlari bilan ta‘minlash va global qoplam imkoniyatlarini kengaytirish.


