O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki tashkil etildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tayyab Finance Mikromoliya Tashkilotiga mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun rasmiy litsenziya berildi.
Litsenziya Markaziy bank boshqaruvining joriy yil 24-oktabrdagi 27/7-sonli qaroriga muvofiq taqdim etildi.
Shundan kelib chiqib, Tayyab Finance mikromoliya tashkiloti faoliyati Tayanch mikromoliya banki faoliyatiga aylantirildi. Regulyator tegishli reyestrlarda zarur o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestrida AJ nomi o‘zgardi. Jumladan, Tayyab Finance Mikromoliya Tashkiloti‘dan Tayanch Mikromoliya Banki aksiyadorlik jamiyatiga almashdi.

Sergeli tumanida joylashgan mikromoliya bankining ustav fondi 53,9 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ta‘sischilar sifatida Hanipova Almira Faritovna va Mustaqimov Akbarbek Rovshanbek o‘g‘li (har biri 50% dan) ko‘rsatilgan. Direktor — Xo‘jamurodov Shermuhammad Egamberdiyevich.
Mazkur mikromoliya tashkilotining mikromoliya banki sifatida ochilishi iyul oyida maʼlum bo‘lgandi. O‘shanda Tayyab Finans mikromoliya tashkiloti birinchilardan bo‘lib transformatsiya uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnoma olgandi.
Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev minimal ustav kapitali 50 mlrd so‘m bo‘lgan mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasidagi oraliq bo‘g‘in — mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.
Ular 200 mln so‘mgacha omonatlarni qabul qilishlari va 5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratishlari mumkin bo‘ladi. Ularning portfelining kamida 70%i mikro biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun kreditlar bo‘lishi kerak.
Spot, avvalroq, Markaziy bank uchta yangi mikromoliya tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida yozgandi.
