Oktabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy rekordni yangilashda davom etdi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.

1-noyabr holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $59,33 mlrdni tashkil etdi — bu o‘tgan oyga nisbatan $4,34 mlrdga yoki 7,8% ga ko‘p. Shu bilan birga, ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan davrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket uchinchi oy mutlaq rekordni yangiladi — avgustda ularning hajmi birinchi marta $50 mlrddan oshdi, sentabrda esa qariyb $55 mlrdga yetdi.

Markaziy bank zaxiralaridagi oltin narxi ham bir oyda $3,61 mlrdga oshib, birinchi marta $47,85 mlrdni tashkil etdi, qiymat jihatidan rekord yangilandi. Uning fizik hajmi 300 ming unsiya — 11,6 mlndan 11,9 mln troy unsiyaga oshdi.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari sezilarli darajada — $731,4 mlnga oshdi hamda ularning hajmi $10,91 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $966,8 mln, xorijiy banklarda esa $8,92 mlrd bo‘lgan.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati $3,6 mlnga oshib, $1,023 mlrdga yetdi. Mamlakat oltin-valyuta zaxiralarida aksiya va obligatsiyalarning ulushi atigi 1,72% ni tashkil etadi.

O‘zbekiston sentabr oyida dunyodagi yagona oltin sotgan mamlakat bo‘ldi — Markaziy bank 4 tonna qimmatbaho metall sotdi. Yillik hisobda bu 21 tonnani tashkil etdi hamda dunyodagi eng katta ko‘rsatkich bo‘ldi, mamlakat Singapur va Rossiyani ortda qoldirdi.

Avvalroq Spot oltin quymalarni bank ilovalari orqali olish tartibi belgilangani haqida yozgandi. Endi fuqarolar oltin quymalarni bank bo‘limlariga bormasdan, mobil ilova orqali xarid qilish va sotish imkoniga ega bo‘ladi.