O‘zbekiston AQSh kompaniyasi bilan kosmik tadqiqotlarda hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Sherzod Shermatov dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiyani qurish bilan shug‘ullanayotgan xususiy aerokosmik kompaniya — Vast vitse-prezidenti Rich Leshner bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekistonda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda mamlakatning kosmik sohadagi inson salohiyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilar uchun imkoniyatlar yaratish hamda O‘zbekistonning xalqaro kosmik dasturlarda faol ishtirokini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar Vast bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, kadrlar almashinuvi dasturlarini joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Kompaniyaning Haven-1 orbital stansiyasi muvaffaqiyatli uchirilganidan so‘ng, o‘zbekistonlik mutaxassislar kelgusi missiyalarda ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, Haven-2 loyihasi doirasida esa sun’iy gravitatsiya, hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimlari va orbital arxitektura bo‘yicha tadqiqotlarda o‘zbekistonlik olim va muhandislarning ishtirok etishi imkoniyati muhokama qilindi.

Shuningdek, Vast bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ta’lim, kadrlar tayyorlash, amaliyot va qo‘shma laboratoriyalar yaratish sohalarida qo‘shimcha tashabbuslar ilgari surildi.

Yakunda tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Hujjat o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro kosmik dasturlar hamda orbital texnologiyalar loyihalarida ishtirokini oshirishni belgilaydi.

Avvalroq Amazon’ning Project Kuiper sputnik interneti O‘zbekistonda joriy etilishi xabar berilgandi. IT Park orqali raqamli ekotizim rivojlantiriladi va yuqori tezlikdagi sputnik internet xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Kompaniya haqida

Vast AQShda joylashgan xususiy aerokosmik kompaniya bo‘lib, yangi avlod kosmik stansiyalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ilk loyihasi Haven-1 dunyodagi birinchi tijoriy kosmik stansiya hisoblanadi.

Haven-1 stansiyani 2026-yilning may oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda xususiy astronavtlar va davlat missiyalari uchun innovatsion laboratoriya joylashgan.