Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trln so‘m ($20 mlrd) yo‘naltirildi. 2025-yilda 45 trln so‘m, 2016-yilgidan esa 6 karra ko‘p. Natijada joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.

Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60% ga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi.

Mamlakatda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlarning orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaydi.

Inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini barqaror ushlab turish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Lekin aholi daromadining katta qismini aslida dori-darmonga sarflayotgani qayd etildi.

“Ixtisoslashgan markazlarga so‘nggi besh yilda 7,5 trln so‘m mablag‘ berildi. Ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Dori yetmayapti deb birorta markaz ayta oladimi? Mana shu mablag‘lar, uskunalar va dori-darmonlar qanday ishlatilyapti? Afsuski, uskunalarning quvvatidan bor-yo‘g‘i 25% foydalanilyapti”, — dedi prezident.

Raqamlashtirish, xorijiy hamkorlar bilan ishlash, klinik protokollarni yangilash va ilg‘or tibbiy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha harakat qilmagan markaz va boshqarmalarning kelajagi yo‘qligi taʼkidlandi. Shuningdek, har bir mahalla va tumanda kasalliklarning ortishi yoki kamayishini tahlil qilish zarurligi qayd etildi.

Bu tahlillar asosida kasalliklarning oldini olish va samarali davolash bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilishi lozimligi aytildi. Respublika markazlari esa joylardagi ishlarni tahlil asosida tashkil etib, qimmatbaho zamonaviy uskunalardan to‘liq foydalanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident bu ishlarning ahvolini aniq misollar asosida tahlil qildi. Misol uchun, oxirgi besh yilda oshqozon kasalliklari 1,5 barobar qisqargan bo‘lsa-da, Qashqadaryo va Navoiyda deyarli o‘zgarish bo‘lmagan. Yakkabog‘da shifokorlarga bo‘lgan murojaatlarning 33%i, G‘uzorda 29%i, Koson va Mirishkorda esa 25%i oshqozon-ichak kasalliklari bilan bog‘liq.

Shifokorlar bolalarga haligacha antibiotiklarni pala-partish qo‘llab kelayotgani tanqid qilindi. Tumanlarga tushib, shifoxona va poliklinikadagi vrachlarga qaysi dori mumkin, qaysi biri mumkin emasligini o‘rgatish ishlari sust.

Boshqa bir misol, buyrak kasalliklarining ulushi Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Farg‘ona va Andijonda respublika ko‘rsatkichidan 40−50% ga yuqori.

Mazkur hududlarda bu kasalliklar yillar davomida kamaymasdan kelayotgani Urologiya markazi va Nefrologiya markazi rahbariyatini xavotirga solishi, ular pastga tushib, buyrak kasalliklarining oldini olishni o‘rgatishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.


Avvalroq Spot tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun qator imtiyozlar joriy etilishi haqida yozgandi.