Apple kompaniyasi birinchi bo‘lib oddiy iste’molchi smartfonlarida sun’iy yo‘ldosh aloqa funksiyasini ommaviy tarzda joriy etdi.
Bu funksiya hozircha juda cheklangan bo‘lib, raqobatchilarnikidan ortda qolmoqda, biroq yaqin kelajakda bu holat o‘zgaradi.
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple bir qator jiddiy yangiliklarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Masalan, u Wi-Fi yoki uyali aloqa mavjud bo‘lmagan yoki beqaror bo‘lgan vaziyatlarda navigatsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun sun’iy yo‘ldosh ulanishiga ruxsat berish orqali o‘zining “Kartalar” ilovasi imkoniyatlarini kengaytirmoqchi.
Sun’iy yo‘ldosh aloqasi yordamida oddiy xabarlarni, jumladan, matn va suratlarni yuborish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, yaqin kelajakda iPhone hatto bino ichida ham sun’iy yo‘ldoshlar bilan aloqani saqlab qolishi mumkin bo‘ladi.
Keyingi avlod iPhone’lari uyali aloqa minoralariga qamrov zonasini kengaytirish uchun sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanish imkonini beruvchi 5G (NTN) yerdan tashqari tarmoq texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, bularning barchasi kelasi kuzda iPhone 18 turkumi chiqishi bilan paydo bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Apple $1000 dan arzon, iPhone chipi bilan, 13,6 dyuymli ekranli budjetli noutbuk tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, qurilma sinovdan o‘tkazilmoqda va ishlab chiqarishning dastlabki bosqichida. To‘liq ishlab chiqarish 2026-yilga mo‘ljallangan.
