Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda tuman va viloyat bosh shifokorlari respublika markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan, integratsiyalashgan tizim joriy qilinishi belgilandi.

Ular hududidagi kasalliklarning turi va dinamikasiga qarab, markazlarga buyurtma beradi. Bunda nafaqat davolash usullari, balki kasalliklarning oldini olish, shifokorlarning malakasini oshirish kabi aniq masalalarni qo‘yadi.

Yangi yildan aniq mezonlarni belgilab, 26 ta markaz direktorlari, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlarini lavozimga qo‘yishda yangi tartib joriy qilinadi.

Bunda barcha tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi. Ularga rahbarlar menejerlikka o‘qigan, yaxshi natijalar ko‘rsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi.

Rahbarlarni rag‘batlantirish tizimi ham o‘zgartiriladi. Kasalliklarning oldini olish, bemorlarni joyida davolash, dori taʼminotini tartibga keltirish va raqamlashtirishni yakunlagan eng namunali tuman va viloyat sog‘liqni saqlash bo‘limlari rag‘batlantiriladi.

Bunday muassasalarning rahbarlari va ilg‘or xodimlariga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi” unvoni, orden va medallar hamda 30 mln so‘mdan pul mukofoti beriladi.

Ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinika infratuzilmasini yaxshilashga 500 mln so‘mdan ajratiladi.

Har bir viloyatda eng yaxshi 2 ta tumanning sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari va oilaviy poliklinika mudiri AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga menejerlikka o‘qitish uchun yuboriladi.


Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev ixtisoslashgan markazlarga 7,5 trln so‘m ajratilgani, biroq uskunalarning chorak qismidan foydalanilayotganini tanqid qilgani haqida yozgandi.