AQSh O‘zbekistonga bir necha mlrd dollarlik avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib beradi va UzAuto Motors davlat kompaniyasini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSh Davlat departamenti xabar berdi.

O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh yetakchilarining C5+1 formatidagi sammitida ishtirok etish maqsadida AQShga amaliy tashrif bilan bordi. Tashrif doirasida prezident Donald Tramp bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan so‘ng AQSh prezidenti “misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuv” doirasida 2028-yil oxirigacha Amerika iqtisodiyoti O‘zbekistondan tovarlar yetkazib berish va investitsiyalar hisobiga qariyb $35 mlrd olishini maʼlum qildi. 2035-yilga kelib ularning umumiy hajmi $100 mlrddan oshishi kutilmoqda.

Kelishuvlarning bir qismi avtomobilsozlik sohasiga taalluqli. AQSh Davlat departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston keyingi uch yil ichida $5 mlrdlik avtomobil ehtiyot qismlarini import qilishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston va AQSh UzAuto Motors‘ni sotish va xususiylashtirish doirasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganadi.

Aprel oyida prezident davlat kompaniyalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Xususan, UzAuto Motors‘dagi 99,7% lik davlat ulushini sotish uchun 2025-yilning to‘rtinchi choragida maslahatchilarni jalb qilish, 2026-yilning birinchi choragida esa ochiq savdolarni eʼlon qilish vazifasi qo‘yilgan.

6-noyabr kuni Vashingtonda Shavkat Mirziyoyev AQShning General Motors International kompaniyasi global ijrochi direktori Shilpan Aminni qabul qildi. Tomonlar ishlab chiqarish hamkorligini rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, uchrashuvda zamonaviy mashinasozlikda talab yuqori bo‘lgan yangi texnologiyalar va xomashyo resurslari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston AQShdan kichik modulli AES reaktorlari sotib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.