AQSh Davlat departamenti immigratsiya vizalarini olish uchun murojaat qilgan shaxslarda muayyan tibbiy qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan taqdirda rad etilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Ushbu siyosat ofitserlarga sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda, davlat nafaqalariga umid qilish ehtimoli yuqori bo‘lgan muhojirlarga viza berishni rad etish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, yurak-qon tomir kasalliklari, nafas yo‘llari kasalliklari, saraton, diabet, metabolik va asab tizimi kasalliklari, shuningdek ruhiy salomatlik muammolari kabi holatlar yuz minglab dollar turadigan davolashni talab qilishi mumkin.
Xodimlardan quyidagicha baholash so‘ralgan: “Arizachi umr bo‘yi tibbiy xarajatlarini o‘z hisobidan qoplay oladimi yoki davlat mablag‘idan yordam so‘rashiga to‘g‘ri keladimi?”
Ko‘rsatma Trampning birinchi ma’muriyati davrida amal qilgan “ijtimoiy yuk” qoidasini qayta joriy etmoqda. Bu qoida har qanday uch yillik davr mobaynida 12 oydan ortiq davlat imtiyozlaridan foydalangan muhojirlarga yashil karta berishni rad etishga qaratilgan edi.
Bunday imtiyozlarga Medicaid, oziq-ovqat yordami, ijtimoiy ta’minot yoki davlat uy-joy vaucherlarini o‘z ichiga olgan hatto bitta davlat yordami ham kirardi.
“Tramp ma’muriyati Amerika xalqi manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yishi sir emas. Bu bizning immigratsiya tizimimiz amerikalik soliq to‘lovchilar uchun yuk bo‘lmasligini ta’minlaydigan siyosatni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi”, — dedi deparatment matbuot kotibining birinchi o‘rinbosari Tommi Pigott o‘z bayonotida.
Tibbiy ko‘rik AQShdan tashqarida immigratsiya vizasini olish uchun ariza topshirgan barcha shaxslar va AQShga kelgan barcha qochqinlar uchun majburiydir. Yangi ko‘rsatma yanada davom etmoqda.
Avvalroq Komil Allamjonov AQShga o‘zbekistonliklar uchun 10 yillik viza joriy etishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.
2026-yildan O‘zbekiston AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etadi. Bunga javoban o‘zbekistonliklar uchun ham viza talablari soddalashtirilishi kutilgandi.
