Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda, jumladan kichik korxonalar uchun ham moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida $300 mln ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bankning rasmiy saytida e’lon qilindi.

OTB tomonidan tasdiqlangan kreditning $100 mlni imtiyozli shartlarda ajratiladi. Moliyalashtirish mikro, kichik va o‘rta korxonalar (MKO), xususan ayollar boshqaradigan korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va mikromoliya sektorini mustahkamlash bo‘yicha hukumat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan.

Ushbu siyosatga asoslangan mablag‘ inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Rejalashtirilgan chora-tadbirlar orasida mikrokreditlarning maksimal miqdorini oshirish, mikromoliyalash sohasidagi normativ hujjatlarni takomillashtirish, Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish xalqaro kodeksiga qo‘shilish, shuningdek, islomiy mikromoliyalash uchun normativ bazani ishlab chiqish kabilar bor.

Ushbu qadamlar aholining zaif qatlamlari uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish va sohaning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“OTB O‘zbekistonning yanada inklyuziv va bozorga yo‘naltirilgan moliya tizimiga o‘tishini qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi”, — dedi bankning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Uning qayd etishicha, dasturning amalga oshirilishi o‘zini o‘zi band qilganlar va mikro tadbirkorlar uchun moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini ochadi, gender tengligini rag‘batlantirishga yordam beradi va moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi.


Avvalroq OTB O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.

Mablag‘lar davlat sektori samaradorligini oshirish va JSTga aʼzo bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan islohotlar uchun yo‘naltiriladi.