Markaziy bank O‘zbekistonda bank kartalarini chiqarish va muomalada bo‘lish qoidalariga o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Adliya vazirligi ushbu qarorni 11-noyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Hujjat bilan kartalarning ikki yangi turi joriy etilmoqda. Ijtimoiy kartalar yordamga muhtoj fuqarolarga nafaqa va moddiy yordam to‘lash uchun, biznes kartalar esa yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga to‘lovlarni qabul qilish uchun beriladi.

Kartani 14 yoshdan boshlab mustaqil ravishda rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi. Ushbu yoshgacha bo‘lgan bolalar kartani ota-onasidan birining yoki qonuniy vakilining (vasiyning) yozma roziligi bilan olishlari mumkin.

Bundan tashqari, qoidalarning yangi tahririda to‘lov tizimlari tomonidan bank kartalarini oldindan emissiya qilishga ruxsat beriladi. Bunday holda, ular egasining ismini ko‘rsatishi shart emas va ularning faollashuvi foydalanuvchi identifikatsiyasidan keyin sodir bo‘ladi.

Bundan tashqari, mazkur hujjat bilan yuridik shaxslar uchun ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali to‘lash imkoniyati yaratildi.

Joriy yilning mart oyidan boshlab Markaziy bank elektr va gaz ta’minoti uchun korporativ kartalardan to‘lovni soddalashtirdi.

Sentabr oyida Markaziy bank bitta fuqaro nomiga karta ochishdagi cheklovlarni o‘zgartirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Regulyator raisi Timur Ishmetov bank kartalarini rasmiylashtirish bo‘yicha vaqtinchalik cheklov o‘rniga komplayns tizimini kuchaytirish ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi.