Markaziy bank oktabr oyi holati bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlari infografikasini e’lon qildi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8% ni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarida bu mos ravishda 5,9 va 5,8% ni, xizmatlarda esa 14,4% bo‘ldi. Energiya ta’sirisiz umumiy inflyatsiya 6,6%, xizmatlar inflyatsiyasi 9,3% ga yetdi.
Iste’mol savatidagi umumiy 170 ta oziq-ovqat mahsulotidan 150 tasi yoki 88% ining yillik narxi 10% dan kamroqqa oshdi.
Eng ko‘p suyaksiz mol go‘shti (+25,3%), karam (+24,7%), suyakli mol go‘shti (+24,2%), kungaboqar moyi (+22,6%), piyoz (+18,9%) va kartoshka (+17,9%) qimmatlashgan.
Shu bilan birga, narxlari eng yuqori shakllangan mahsulotlar qatorida mol va qo‘y jigari (+17,2%), qiyma (+17%), mol oyoqlari (+15,9%), turp (+14,8), til (+14,6%), kofe (+13,8%) hamda shokolad plitkasi (+10,9%) bor.
Bundan tashqari, yillik hisobda narxlarning eng katta pasayishi shaftoli (-28,7%), tarvuz (-21,8%), bulg‘or qalampiri (-19,7%), guruch (-18% atrofida), bodring (-17,6%), banan (-15,1%) va sarimsoq (-14,7%) da kuzatildi.
Iste’mol savatidagi 250 ta nooziq-ovqat mahsulotlaridan 97% ining (243 tasi) yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi. Ulardan eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar qatorida nikoh uzugi yetakchilikni hamda o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlab qoldi — 33,4%.
Shuningdek, yil davomida metan (+30,5%), gazeta va jurnallar (mos ravishda +15,3%), benzin (+11,7%), dezodorant (+10,3%) va tabiiy gullar (+10,9%) narxlari yuqori bo‘ldi.
Narxlarning pasayishi esa propan (-18%), A4 qog‘oz (-3,9%), yirik oshxona priborlari (-3,5%), konditsioner (-1,3%), ovqat tayyorlash priborlari (-1%), ovoz yozish uskunalari (-0,9%), shprits (-0,6%) hamda televizorlar (-0,4%) da qayd etildi.
Yengil avtomobillarning yillik inflyatsiyasi bo‘yicha ko‘rsatkich o‘zgarmadi. Changyutgich (+0,2%), kichik maishiy priborlar (+1%), mobil telefonlar (+1,4%) hamda ko‘mir (+1,5%) narxlari biroz oshdi.
Bundan tashqari, 90 turdagi xizmatlardan 59 tasi yoki 66% ida yillik narx o‘sishi 10% dan past ko‘rsatkichni qayd etdi. Eng ko‘p ichki yo‘lovchi havo transporti narxlari (+52,3%) qimmatlashgan.
Keyingi o‘rinlarda tarmoq gazi (+39,2%), sovuq suv (+35,1%), muzey xizmatlari (+32,3%), chiqindi tashlash (+28,6%), suyultirilgan gaz (+25%) shahar avtobusida yo‘l haqi (+22,3%), davlat bog‘chalari (+21%), markaziy isitish (+20,9%) narxlari yuqori oshdi.
Shu bilan birga, yillik hisobda eng yuqori narxlar elektr energiyasi (+18,8%), kinoteatr (+17,2%), huquqiy xizmatlar (+17%), yo‘nalishli taksi (+16,9%), kuryerlik (+16,8%) hamda ko‘p qavatli uylarga ko‘rsatiladigan xizmatlar (+16,2%) da kuzatildi.
Yil davomida faqat pul o‘tkazmalari uchun haq to‘lash (-4,8%) hamda mikromoliya xizmatlari (-0,2%) narxlari biroz arzonlashdi. Sug‘urtalash, davlat OTMlarida o‘qish, mobil internet hamda telefonlar uchun abonent to‘lovi narxlari yil davomida o‘zgarishsiz qoldi.
Biroq, xususiy OTMlarda o‘qish (+0,2%), hayvonot bog‘i xizmatlari (+1%), xalqaro aviareyslar (+1,9%), konsertlar (+3,9), shahar atrofidagi poyezdlar narxi (+4%) hamda simli internet uchun to‘lovlar (+4%) biroz oshdi.
Yillik hisobda narxlari sezilarli ko‘tarilgan xizmatlar qatorida maishiy priborlar ijarasi (+4,1%), bank xizmatlari (+4,1%), kvartira ijara haqi (+4,2%) hamda immunizatsiya xizmatlari (+4,7%) bor. Shuningdek, diniy, mehmonxona, xususiy maktab hamda turizm xizmatlari 5% va undan ortiqqa oshgan.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta‘minlash ishlari hamda 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risida axborot berilgani haqida yozgandi.
