Telegram rahbari Pavel Durov sud nazorati choralarini bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi Bloomberg nashri.
Manbalarga ko‘ra, janob Durovga nisbatan qo‘llanilgan chet elga chiqishni taqiqlovchi va Nitssa politsiya bo‘limida ro‘yxatdan o‘tishni talab qiluvchi choralar bekor qilingan.
Telegram rahbari “sud nazorati talablariga to‘liq rioya qilgani” ta’kidlanmoqda. LeFigaro nashri ham 10-noyabrdan boshlab Pavel Durovning sayohat qilishiga qo‘yilgan taqiqni butunlay bekor qilganini tasdiqladi.
Endilikda Durov Fransiyani erkin tark eta oladi. U mahalliy politsiyada muntazam ravishda ro‘yxatdan o‘tishi shart emas.
Biroq, Telegram asoschisiga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari hamon davom etmoqda. Sud nazorati choralarini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror uning ushbu choralarga vijdonan amal qilgani bilan bog‘liq.
Nima sodir bo‘ldi?
2024-yil avgust oyida Durov sayyohlik maqsadida Fransiyaga tashrif buyurdi. Uning aytishicha, u ishbilarmonlik uchrashuvlarini rejalashtirmagan edi — bir necha kundan so‘ng Finlyandiyaga jo‘nab ketishi kerak edi. Biroq aeroportda uni politsiyachilar kutib oldi.
“Men bu Olimpiada oldidan kuchaytirilgan xavfsizlik choralari bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Lekin ular menga 16 ta ayblov qo‘yishdi — giyohvand moddalar, uyushgan jinoyatchilik… Men lol qoldim, chunki bularning hech biriga aloqam bo‘lmagan”, — dedi Durov.
2024-yil 24-avgust kuni Telegram asoschisi platformadagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq tergov doirasida qamoqqa olindi. 28-avgust kuni u garov evaziga ozod qilindi, biroq tergov yakunlanmaguncha Fransiyani tark etish taqiqlangan sud nazorati ostida qoldi.
“Bir santimetr qalinlikdagi matras, doimiy yorug‘lik va to‘liq izolyatsiya qilingan muhit. Men faqat yordamchi bilan, u advokatlarni topishi uchun bog‘lana olardim”, deya xotirlaydi u.
Rasmiylarga ko‘ra, Durov giyohvand moddalar savdosi, bolalar pornografiyasini tarqatish va firibgarlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun hibsga olingan. Unga 16 ta ayblov ro‘yxati taqdim etilgan, Fransiya hukumati esa Telegramni ushbu jinoyatlarga qarshi yetarlicha kurash olib bormayotganlikda ayblagan.
Platforma o‘zining maxsus shifrlash tizimidan foydalanadi va server kodlarini oshkor qilmaydi, bu esa hukumat organlariga xabarlardan foydalanishni qiyinlashtiradi. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Telegram bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq materiallarni aniqlash va olib tashlash bo‘yicha xalqaro dasturlarda ishtirok etishdan bosh tortmoqda, bu esa tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olishning rasmiy sababi Telegram tomonidan go‘yoki “Fransiyaning huquqiy so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirish” bo‘lgan. Ammo Durovning so‘zlariga ko‘ra, bunday so‘rovlar hech qachon bo‘lmagan.
“Biz Belgiyadagi tuzilmamiz orqali Yevropa Ittifoqi qonunlariga muvofiq barcha huquqiy jihatdan to‘g‘ri so‘rovlarni ko‘rib chiqamiz. Fransuzlar meni qamoqqa olgunga qadar, negadir bu mexanizmdan foydalanmaganlar”, — dedi u.
Voqeadan sakkiz oy o‘tgach, Durov Fransiyani erkin tark eta olmayapti. U sud nazorati ostida — rasman qamoqqa olinmagan, lekin mamlakatda qolishga majbur. Chiqish uchun ruxsatnomalar alohida ko‘rib chiqiladi va cheklovlar bilan beriladi. “Men Dubayga borib keldim, ammo ko‘p vaqtimni hech qanday sababsiz bu yerda o‘tkazishga majburman”, — deydi u.
Durovning qayta so‘roq qilinishi
Telegram rahbari 28-iyul kuni Parij sudida messenjerning jinoiy faoliyatga aloqadorligi bo‘yicha ish doirasida qayta so‘roq qilinayotgani xabar berildi.
Ta’kidlanishicha, Pavel Durov Parij sudiga qora kostyum va kepkada to‘rt nafar advokat — David-Olive Kaminski, Kristof Ingren, Robin Binsar va Isaak Arnu hamrohligida kelgan.
Sud binosida u o‘z ishini olib borayotgan ikki tergov sudyasining xonasiga yo‘l oldi. Advokatlar izoh berishdan bosh tortdilar.
Parij prokuraturasining ta’kidlashicha, Durov ishi bo‘yicha yangi ma’lumotlar yo‘q, tergov davom etmoqda. Ishdan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, advokatlar ish bo‘yicha Parij apellyatsiya sudiga turli iltimosnoma va shikoyatlar kiritgan.
Shuningdek, ish doirasida Yevropa Ittifoqi sudiga “konstitutsiyaviylikka oid ustuvor masala” va “dastlabki sharhga oid masala” topshirilgani ma’lum bo‘ldi.
