Italiyaning yirik pasta ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini AQShga eksport qilishni to‘xtatishga tayyorliklarini bildirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.

Bunga sabab, Donald Tramp ma’muriyati tomonidan Italiya pastasiga qo‘yilayotgan bojlar eksportni foydasiz qilib qo‘ymoqda.

AQSh hukumati 13 ta italiyalik pasta ishlab chiqaruvchisini narxlarni sun’iy pasaytirishda ayblab, yanvardan boshlab ularning mahsulotlariga 92% lik boj joriy etishini ma’lum qildi.

Bu esa, Yevropa tovarlariga allaqachon qo‘llanilayotgan 15% lik boj bilan birgalikda, pastaga nisbatan 107% lik boj qo‘llanishini anglatadi.

Mutaxassislar va Italiya tadbirkorlari vakillari allaqachon Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonidan, u Tramp janoblari bilan yaqin munosabatda ekanligini ta’kidlab, uni bunday bojlarni joriy etmaslikka ishontirishni so‘rashgan.

“Bu biz uchun g‘oyat muhim bozor. Agar uni jiddiy sabablarsiz bizdan tortib olishsa, bu haqiqiy fojia bo‘lardi”, — dedi bojlar ta’siriga tushgan Italiyaning yirik pasta ishlab chiqaruvchilaridan biri — La Molisana kompaniyasi bosh direktori Juzeppe Ferro.

NBC’ning ta’kidlashicha, bunday bojlar Qo‘shma Shtatlarda mashhur bo‘lgan ushbu oziq-ovqat mahsulotlari narxini yanada oshiribgina qolmay, balki italyan makaron mahsulotlarining Amerika bozoriga yetkazib berilishini butunlay to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin.

Italiyadagi eng yirik fermerlar uyushmasi Coldiretti ma’lumotlariga ko‘ra, bunday yuqori tariflar italiyaliklarni “AQShga eksportni deyarli yo‘qqa chiqarishga” majbur qilishi mumkin.