O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5% dan pasaydi, deya xabar berdi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.
Joriy yilning iyul-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi 4,9% ni tashkil etdi. Bu 2024-yilning uchinchi choragiga nisbatan 0,8 punktga kam.
37,8 mln aholi tarkibida mehnat resurslari 20,35 mln kishini tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,9% ga yuqori bo‘ldi. Iqtisodiy faol aholi soni 15,57 mln kishiga yetdi, shundan 14,81 mln kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, bu 4,1% lik o‘sishni ko‘rsatdi.
Shunday qilib, ishsizlar soni taxminan 760 ming kishini — iqtisodiy faol aholining qariyb 4,9%ini tashkil etadi.
Bandlik vazirligi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, ishsizlik darajasi oxirgi marta 2013-yilda (4,9%) 5% dan pastga tushgan. 2010-yildan 2017-yilgacha O‘zbekistonda ishsizlik 5−6% darajasida saqlanib qolgan.
2018-yildan so‘ng bu ko‘rsatkich tez sur’atlar bilan o‘sishni boshladi va pandemiya yilida, ya’ni 2020-yilda eng yuqori darajaga — 10,5% ga yetdi. Keyingi yillarda ishsizlik izchil ravishda pasayib bordi: 2021-yilda 9,6%ni, 2022-yilda 8,9%ni, 2023-yilda 6,8%ni, 2024-yilda esa 5,5%ni tashkil etdi.
Birinchi yarim yillikda ishsizlik darajasi o‘tgan yilgi 5,5% dan 5,1% gacha pasaydi. Iyun oyi yakuniga ko‘ra, mamlakatda 781,6 mingdan ortiq ishsiz mavjud edi. 8 mln nafardan ziyod kishi (jami bandlarning 55%i) rasmiy sektorda, 4,8 mln nafari (33%i) esa norasmiy sektorda mehnat qilgan. Bundan tashqari, 1,8 mln o‘zbekistonlik (12%) chet ellarda ish bilan band bo‘lgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 500 mingga yaqin xodim foydasiga 267 mlrd so‘m undirib berilgani haqida yozgandi.
Baxtsiz hodisalarda jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 mlrd so‘m tovon puli to‘lab berildi, 13 ming kishi ishga tiklandi.
