O‘zbekistonda Rossiyada ishlab chiqarilgan Eko Nom va Ukrainada ishlab chiqarilgan Novator rusumli suv hisoblagichlarini sotish va foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda O‘zsuvta'minot matbuot xizmati xabar berdi.

Suv hisoblagichlari hukumat huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (O‘zstandart) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan, tegishli organlar tomonidan tekshirilgan va O‘zbekistonda qo‘llashga ruxsat etilgan bo‘lishi hamda ularning turlari haqidagi ma’lumotlar iste’molchilarga taqdim etilishi kerak.

O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalariga muvofiq, davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doirada O‘zbekistonning o‘lchash vositalari davlat reyestriga kiritilgan, tasdiqlangan turdagi o‘lchash vositalarini qo‘llashga ruxsat beriladi.

Kompaniya iste’molchilar tomonidan suv hisoblagichlarni o‘z mablag‘laridan sotib olish va suv ta’minoti korxonasi xodimisiz o‘rnatish holatlari kuzatilayotganini qayd etdi. Bunda hisoblagichlarning belgilangan standartlarga javob berishi kerak, ayrim suv hisoblagichlaridan foydalanish bo‘yicha esa cheklovlar mavjud.

Novator LK hisoblagichlari 2018-yilda amalda bo‘lgan GOST 6019−83 davlatlararo standarti talablariga muvofiq sinovlardan o‘tkazilib, davlat reyestriga kiritilgan. Unga berilgan sertifikat muddati esa 2023-yil 30-avgustda tugagan.

EKO NOM turidagi hisoblagichlar 2016-yil 30-iyunda davlat reyestriga kiritilgan, amal qilish muddati 2020-yil 10-iyulda, EKO NOM SV turidagi hisoblagichlar uchun esa 2024-yil 29-noyabrda tugagan.

Hozirgi vaqtda mazkur hisoblagichlar amaldagi O‘zMSt ISO 4064−1:2024 (ISO 4064−1:2014, IDT) milliy standarti talablari bo‘yicha sinovlardan o‘tkazilmagan.

Toshkent shahar Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda ular standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.

O‘zsuvta'minot bunday hisoblagichlar suv sarfining noto‘g‘ri qayd etilishi, statistik ma’lumotlarning buzilishi va hisob-kitob jarayonlarida xatoliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Shu bilan birga, kompaniya ilgari o‘rnatilgan va plombalangan bu turdagi hisoblagichlardan foydalanish taqiqlanmasligiga aniqlik kiritdi.

“Sababi bunday hisoblagichlar sertifikatlari amal qiladigan davrida o‘rnatilgan va ularning xizmat muddatlari ham inobatga olingan. Abonentlar bunday turdagi hisoblagichlarini almashtirishlari shart emas. Bunda hech qanday jarima yoki qayta hisob-kitob qo‘llanilmaydi”, — deyiladi xabarda.

O‘zsuvta'minot iste’molchilarga yangi suv hisoblagichlarini xarid qilishda amal qiluvchi muvofiqlik sertifikati va davlat qiyoslov belgisining mavjudligiga e’tibor berishni tavsiya qildi.

Joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkent shahar suv ta’minoti filiali poytaxtda Diehl Metering kompaniyasining “aqlli” suv hisoblagichlarini o‘rnatishni boshladi. Asboblar suv iste’moli va uning bosimi, shuningdek, nosozliklar va ularning ishiga aralashishga urinishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatish uchun radiomodul bilan jihozlangan. Kafolatli xizmat muddati — 5 yil.

Avvalroq Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Suv hisobini yuritish raqamlashtirilib, 600 mingdan ortiq suv isteʼmolchilari, 4,3 mln gektar sug‘oriladigan yerning elektron maʼlumotlari shakllantiriladi.