Bitkoin olti oydan buyon ilk bor $95 mingdan pastga tushib, bir kunda taxminan 8%ni yo‘qotdi.

Kriptovalyuta bozori, investorlar AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkasini pasaytirish ehtimolini qayta baholayotgani sababli, boshqa xatarli aktivlar qatori bosim ostida qoldi.

Agar bir necha hafta oldin bozor dekabr oyida stavka pasayishiga deyarli ishongan bo‘lsa, hozirda pasayish va joriy darajada qolish imkoniyatlari taxminan teng baholanmoqda.

Savdo ma’lumotlariga ko‘ra, bitkoin kursi 2025-yil 6-maydan buyon ilk bor $95 mingdan pastga tushdi. Eng past nuqtada kriptovalyuta qiymati $94,857 gacha pasaydi.

bitkoin, kriptavalyuta

Bloomberg ta’kidlashicha, bitkoin allaqachon oktyabr oyi boshida qayd etilgan rekord darajadan 20% dan ko‘proqqa tushib ketdi. 6-oktabr kuni eng yuqori cho‘qqisida u $126 251 ni tashkil etgan edi.

Avvalroq Pavel Durov bitkoin narxi $1 mlngacha yetishi mumkinligi haqida aytgandi.

Telegram asoschisi 2013-yilda bitkoinlar sotib olganini ma’lum qilib, vaqt o‘tishi bilan bitkoin kursining $1 mlngacha ko‘tarilishiga ishonch bildirmoqda.

Iyul va avgust oylarida bitkoin tarixiy yuqori cho‘qqisini yangiladi — narxi $123,2 ming va $123,5 ming chegarasidan oshib ketdi.

Bloomberg kriptovalyutaning o‘sishini Donald Tramp prezidentligi davrida AQShdagi qulay tartibga solish siyosati hamda Maykl Seylorning Strategy singari ommaviy kompaniyalar tomonidan paydo bo‘lgan talab bilan bog‘ladi.

Bahor oylarida Tramp bitkoinning davlat zaxirasini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, “AQShning raqamli moliya sohasidagi yetakchiligini mustahkamlash” to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

Avvalroq Coinbase bosh direktori Brayan Armstrong 2030-yilga kelib bitkoin qiymati $1 mlnga yetishi mumkinligini ma’lum qildi.