Yevropa Ittifoqi Google’ga nisbatan monopoliyaga qarshi tergov boshladi, deya xabar bermoqda Reuters nashri.

Yevropa komissiyasi Google’ni yangiliklar saytlari va boshqa nashrlar tijorat hamkorlaridan kontent joylashtirganida, ularning qidiruv natijalari reytingini pasaytirishda aybladi.

YI hukumati fikriga ko‘ra, kompaniya siyosati saytlarni daromad olishning “oddiy va qonuniy” usuliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Financial Times ta’kidlashicha, gap tashqi reklama kontentini joylashtirish haqida ketmoqda. Masalan, homiylik maqolalari media kompaniyalar uchun “asosiy” daromad manbalaridan biri hisoblanadi.

Tergov Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun (DMA) doirasida olib borilmoqda. Unga ko‘ra, agar kompaniyaning aybi isbotlansa, Google yillik aylanmasining 10 foizigacha jarima to‘lashi mumkin.

Google Yevropa monopoliyaga qarshi organlarining ayblovlarini rad etdi. Kompaniya vakillari boshlangan tergovni “Yevropadagi millionlab foydalanuvchilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xato” deb baholadi.

2025-yil sentabr oyida Yevropa Ittifoqi Google’ga reklama texnologiyalari bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani uchun $3,45 mlrd miqdorida jarima soldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu qarorni tanqid qilib, uni Amerikaning yirik kompaniyalariga nisbatan “soliq solishning bir shakli” deb atadi.


Avvalroq Spot Yevrokomissiya Gucci va boshqa kompaniyalarga 157 mln yevro jarima solgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Gucci bilan birga Chloé va Loewe kompaniyalari ham chakana sotuvchilarga brend mahsulotlarining narxini mustaqil belgilashni taqiqlagan.