Avvalroq ILMA “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ipoteka obligatsiyalari emissiyasi va muomalasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi aksiyadorlik jamiyati to‘lov agenti bo‘lib, ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha foizlarni to‘lash va ularning nominal qiymatini so‘ndirish u orqali amalga oshiriladi.

Ipoteka qoplamasi tarkibiga kiritiladigan ipoteka kreditlari bir qator shartlarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Jumladan, kreditning garovga nisbati ko‘rsatkichi 75% dan kam bo‘lmasligi, kredit oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichi 70% dan ko‘p bo‘lmasligi lozim. Shuningdek, ipoteka krediti berilgan sanadan boshlab 6 oydan ko‘p muddat o‘tgan bo‘lishi kerak.

Ushbu kreditlar bo‘yicha quyidagi hujjatlar mavjud bo‘lishi kerak:

  • ipoteka va kredit shartnomalari;
  • to‘lovlar jadvali;
  • sug‘urta polisi;
  • ipoteka predmeti ipotekaga beruvchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • ipoteka shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi davlat reyestridan ko‘chirma.

Ipoteka agenti tomonidan ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha foizlarni to‘lash va ularning nominal qiymatini so‘ndirish faqat Markaziy depozitariy orqali amalga oshiriladi.

Iyul oyida ILMA ipoteka obligatsiyalari sohasida “tartibga solish qumdoni"ni joriy etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagandi. Hujjat ushbu turdagi qog‘ozlar emissiyasi bo‘yicha tajriba loyihalarini sinovdan o‘tkazishni boshlashga xizmat qiladi, deya qayd etgandi regulyator.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sinov tarzida 1 trln so‘mlik ipoteka obligatsiyalari chiqarilishi haqida yozgandi.