Telegram Avstraliyaning elektron xavfsizlik bo‘yicha komissari vakolatlariga e’tiroz bildirmoqda. Bu haqda Techradar xabar berdi.
2021-yilda qabul qilingan Internet xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun komissarga ijtimoiy tarmoqlardan “zararli kontent"ga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor etishni talab qilish huquqini bergan.
2025-yil boshida nazorat organi Telegramga ekstremistik materiallar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq kontentga qarshi kurashish strategiyasini tasvirlash talabi bilan xabarnoma yuborgan. Kompaniya talabni belgilangan muddatda bajarmagan, shu sababli unga $622 ming miqdorida jarima solingan.
Telegram vakillari ta’kidlashicha, Avstraliya qonunlariga ko‘ra, ular “ijtimoiy tarmoq xizmatlarini ko‘rsatuvchi” hisoblanmaydi, shu bois nazorat organi talablariga bo‘ysunishi shart emas.
Messenjerda, shuningdek, komissar ma’lumotni oshkor qilish to‘g‘risidagi xabarni noto‘g‘ri manzilga yuborgani, biroq kompaniya so‘rov haqida xabar topishi bilan ma’lumotlarni ixtiyoriy ravishda taqdim etgani aytilgan.
Nashr ta’kidlashicha, ushbu bahs Avstraliya ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yoshini tekshirish bo‘yicha dunyodagi “eng qat’iy qoidalardan biri"ni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda yuz bermoqda.
2025-yil 10-dekabrdan boshlab platformalar 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun kirishni cheklashi shart bo‘ladi. Agar talablarga rioya qilinmasa, ularga 50 mln Avstraliya dollarigacha (taxminan $32,5 mln) miqdorida jarima solish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Rossiyada Telegram va WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tish cheklanayotgani haqida xabar berilgandi.
Operatorlardan Telegram va WhatsApp tomonidan yangi foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga urinishda SMS va qo‘ng‘iroqlarni uzatishni to‘xtatish talab qilinmoqda.
