Migratsiya agentligi Germaniyaning SBH West GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda avtobus va yuk avtomobillari haydovchilari uchun tanlov e’lon qiladi.
Ish o‘rni 300 tani tashkil etadi. Tanlov oflayn suhbat orqali o‘tkaziladi. Unda BC, CE yoki D toifali haydovchilik guvohnomasiga ega, nemis tilidan A2 yoki B1 darajadagi xalqaro sertifikatga ega, sudlanmagan va jismonan sog‘lom bo‘lgan 21−44 yoshdagi erkak va ayollar ishtirok etishi mumkin.
Ish haqi 2200 yevro (qo‘lga tegishi) bo‘lib, haftasiga besh kun sakkiz soatdan ishlanadi.
Qayd etilishicha, nomzodlarga Germaniyaga ketishdan oldin kasbiy nazariy va amaliy tayyorgarlik beriladi.
Shuningdek, viza rasmiylashtirish jarayoni, aviachipta, aeroportdan ish joyigacha transfer va Germaniyada kasbiy qayta tayyorlov ham tashkilotchilar tomonidan ta’minlanadi.
Tanlab olingan avtobus haydovchilari D toifasi bo‘yicha o‘qitiladi. Nomzodlar Germaniyaga jo‘nab ketishdan oldin “Vatanparvar” markazida kasbiy tayyorgarlik va nemis tili kurslarida qatnashadi, shuningdek avtobus simulyatorlarida amaliyot o‘tashadi.
Nomzodlar “Xorijda ish” platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Havola bu yerda.
Batafsil ma’lumotlarni Migratsiya agentliging 1282, 71 202−33−55 telefon raqami orqali olish mumkin.
