Apple kompaniyasi iPhone chiqarish jadvalini qayta ko‘rib chiqdi. Bu holat 8 yil ichida birinchi marta yuz berdi. Bu haqda Bloomberg nashri muxbiri Mark Gurman xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Apple endi iPhone taqdimotlarini ikki qismga ajratib, har olti oyda bir marta: kuzda va bahorda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Ilgari kompaniya barcha asosiy modellarni sentabr oyida taqdim etardi — bu an’ana iPhone XS davridan boshlab davom etib kelayotgan edi. 2026 va 2027-yillarda esa bir yo‘la 6 ta yangi mahsulot chiqarilishi kutilmoqda.

Bunda:

  • 2026-yil sentabr: iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max, iPhone Fold (birinchi buklanadigan iPhone);
  • 2027-yil bahori: asosiy iPhone 18, arzon iPhone 18e, yupqa iPhone Air 2.

Ilgari tarmoqlarda Apple 2026-yilda iPhone Air 2 chiqarilishini past sotuvlar tufayli bekor qilgani haqidagi mish-mishlar tarqalgan edi. Ammo Bloomberg‘ning ma’lum qilishicha, 2027-yilga ko‘chirilishi past talab bilan emas, balki yangi jadval bilan bog‘liq ekan. Kompaniya dastlab iPhone Air’ni har yili yangilanadigan mahsulot sifatida rejalashtirmagan.

Mutaxassislarning fikricha, iPhone’ning hozirgi chiqish jadvali Apple uchun “og‘ir yuk” bo‘lmoqda. Bu marketing mutaxassislari va muhandislarga katta bosim o‘tkazadi, shuningdek ta’minotchilarni ham ortiqcha yuklab qo‘yadi.

Bundan tashqari, yarim yillik jadvalga o‘tish orqali Apple choraklar bo‘yicha iqtisodiy ko‘rsatkichlarni muvozanatga keltirishi mumkin.

Birinchi iPhone’ning 20 yillik yubileyi munosabati bilan Apple kompaniyasi smartfon dizaynida inqilobiy o‘zgarishlarni rejalashtirmoqda.

Insayderlar ma’lumotlariga ko‘ra, 2027-yilgi yubiley modeli to‘liq sensorli tugmalarni oladi.

Yangi texnologiya barcha jismoniy tugmalardan voz kechib, harakatlanuvchi qismlarsiz qattiq holatli elementlarni qo‘llashni ko‘zda tutadi.

Apple odatiy bosish hissini taqlid qilish uchun tebranish-javob tizimi va sun’iy intellektga asoslangan maxsus ovoz algoritmlaridan foydalanishni rejalashtirmoqda.