Emirates aviakompaniyasi barcha samolyotlarida Starlink sun’iy yo‘ldosh internetini joriy etish rejalarini e’lon qildi. Bu haqda Hi-Tech Mail xabar berdi.
Qayd etilishicha, aviakompaniya 232 ta Boeing 777 va Airbus A380 samolyotlarida Starlink tarmog‘ini o‘rnatmoqchi.
Birinchi havo kemalari Ilon Maskning loyihasi yordamida shu oyda internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolgan samolyotlar esa 2027-yilning o‘rtalarigacha zarur uskunalar bilan jihozlanadi.
Har bir Boeing 777 ikkitadan antenna bilan jihozlangan bo‘lsa, Airbus A380 esa sanoatdagi birinchi uchta antennaga ega bo‘ldi.
“Shuningdek, Emirates avialiniyalari 2025-yil dekabr oyi oxiridan boshlab Starlink orqali avval yo‘lovchilarning shaxsiy qurilmalarida, keyinchalik esa o‘rindiq suyanchig‘idagi ekranlarda Live TV xizmatini taqdim etadi”, — deya xabar berdi matbuot xizmati.
Internet yo‘lovchilar uchun bepul bo‘ladi, ularga “bir marta bosish orqali oson kirish” va’da qilinmoqda. Uni hozirdanoq Dubai Airshow 2025 ko‘rgazmasida sinab ko‘rish imkoniyati mavjud.
Uskunalar A6-EPF bort raqamli Boeing 777−300ER samolyotiga o‘rnatilgan. Hi-Tech Mail bortda aloqani sinovdan o‘tkazdi — ulanish tezligi 400 Mbit/s dan yuqori bo‘ldi.
Avvalroq Emirates aviakompaniyasi kriptovalyuta orqali to‘lovni amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Tizimni ishga tushirish 2026-yilda rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali Emirates kriptovalyutani to‘lov usuli sifatida joriy qilgan birinchi aviatashuvchiga aylanadi.
