Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli maʼmuriy reglament hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi.
Ushbu xulosa chetdan olib kelinayotgan mahsulotga mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega bo‘lmagan mahsulotga esa — muddati ko‘rsatilmasdan beriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:
- yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganda;
- ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi o‘zgarganda;
- mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari o‘zgarganda;
- tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
- respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga;
- mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki elektron tarzda YIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi hamda 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Spot, avvalroq, zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga imtiyozli kredit va kompensatsiyalar berilishi haqida yozgandi.
