Qonunchilik palatasida “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunning 9-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Xo‘jalik yurituvchilar tomonidan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmasligi, yerdan samarasiz yoki noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish zarurati yuzaga kelmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari sudga da‘vo arizasi kiritishda davlat boji to‘lashi shart. Bu esa ularning asosiy funksiyalarini bajarishiga hamda hududiy sanoat salohiyatini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishga ajratiladigan resurslarning kamayishiga olib kelmoqda.

Qonun loyihasida “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.

Unga ko‘ra, direksiyalarning investitsiya majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlarga nisbatan yer uchastkasidan foydalanish huquqini bekor qilish bo‘yicha iqtisodiy sudga kiritadigan da‘vo arizalari davlat bojidan ozod etiladi.

Deputatlar loyiha normalarini amaldagi qonunchilikka moslashtirish, huquqni qo‘llashdagi noaniqliklarni bartaraf etish va yer muhofazasiga oid majburiyatlarni to‘liq aks ettirishga e‘tibor qaratdi. Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Oktabr oyida deputatlar “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunning 13 va 15-moddalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqib, Vatandosh kartasi egalari davlat bojidan ozod etilishini tasdiqlagandi.

Spot, avvalroq, 2026-yildan biznes uchun litsenziya olishda 20 kunlik baholash xizmati ishga tushishi haqida yozgandi.