Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida Rancho Tour turistik kompleksi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha doirasida turistik maskanga olib boruvchi yo‘llar asfaltlanib, 131 gektar foydalanilmay turgan lalmi va tog‘ adirlik yerlari ko‘kalamzorlashtirildi. Yana 50 gektar maydonda 30 dan ortiq turdagi manzarali va mevali bog‘lar barpo etildi.
Kompleksning 1 gektar maydonida baliq ovlash uchun maxsus hudud, hayvonot bog‘i, zamonaviy 4 bosqichli ziplayn hamda umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi.





Shuningdek, ekstremal sport ishqibozlari uchun qoyatoshga chiqish yo‘laklari, havo sharida sayr yo‘lga qo‘yildi hamda 2,5 km masofada kvadrosiklda sayohat qilish xizmati tashkil etildi.
Joriy yilda Jizzax viloyatiga 472 ming nafar xorijiy, 1,6 mln mahalliy sayyoh tashrif buyurdi, turizm xizmatlari eksporti $70 mlnga yetdi. Jami 49 ta 1274 o‘rinli joylashtirish maskanlari foydalanishga topshirilib, 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Avgust oyida Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi turizm markazi noyabr oyida ochilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Buxoroda qiymati $15 mlnlik Ramada Encore by Wyndham mehmonxonasi ochilgani haqida yozgandi.





