Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni ko‘mir qazib olish bo‘yicha erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
2024−2025-yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 mln tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, budjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berildi.
Taqdimotda qayd etilishicha, 2025−2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 mln tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan.
Buning uchun O‘zbekko‘mir korxonalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, tarmoqda qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilar faoliyati uchun sharoit yaratildi.
Davlat rahbari mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Xususan, korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni ishga tushirish, sohada bozor tamoyillari va raqobatni rivojlantirish orqali mahsulot tannarxini pasaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Taqdimotda uran sanoatida yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Avvalroq Spot Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlari Aksa Enerji turk kompaniyasi boshqaruviga topshirilishi haqida yozgandi.
