Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta‘minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Unda joriy yil boshidan ishsizlik 4,9% ga tushgani (o‘tgan yili 5,5% bo‘lgan) aytib o‘tildi. Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4% dan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.

Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6% gacha kamayishi kutilmoqda (o‘tgan yili 8,9% bo‘lgan). Sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskentda kambag‘al oilalar soni 4,5 barobargacha kamaydi.

Ilgari qiyin ahvolda bo‘lgan 105 ming oila daromad ko‘rishni boshladi, kambag‘al oilalarning o‘rtacha daromadi yil boshiga nisbatan 2 barobarga oshdi. Joriy yilda ilk bor 1 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.

Davlat rahbari Uzun tumanini namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etdi. 51 ta mahallasi bo‘lgan tumanga joriy yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 mlrd so‘m mablag‘ berilgan.

Tumanga $70 mln xorijiy investitsiya olib kelindi, 47 ta korxona ishga tushirildi, 300 ta servis obyektida 1 ming nafar odam ishli bo‘ldi, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yildi, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4 200 nafar odam daromadli bo‘ldi.

Shularning hisobiga Uzun tumanida yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5% dan 3% gacha kamaydi. Shu bilan birga, Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan

Denov tumani hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan. Yoki Chiroqchi tumaniga joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 mlrd so‘m resurs berilgan.

Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan. Shu bois, Denov tumani hokimi I.Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi F.Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Z.Ergashev ishdan olinishi belgilandi.

Ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta — Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirildi.

Mahallalarga yaxshi loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun bankirlar biriktirilgan. Lekin, ayrim tuman bankirlari davlatning arzon resursini samarasiz loyihalarga berib yuborayotgani tanqid qilindi.

Mutasaddilarga mahallalarga tushib, loyihalar samaradorligini o‘rganish, sohada nazorat va intizomni kuchaytirish topshirildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan munosib mehnat dasturi ishlab chiqilishi haqida yozgandi.