Kelasi yil mahallalar infratuzilmasi uchun viloyatlarga 20 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev 2026-yil uchun vazifalarni belgilab berdi. Birinchi yo‘nalish qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish ekanligi qayd etildi.
Kelgusi yilda mamlakatda 675 trln so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 380 trln so‘mi qurilish ishlariga to‘g‘ri keladi.
140 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joy qurish maqsad qilingan. Har bir hokim bundan samarali foydalanib, qurilish sohasining o‘zidan kamida 20−25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishini bandligini ta’minlashi mumkinligi qayd etildi.
2026-yilda birinchi marta mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi. Lekin bu mablag‘ hamma tumanga teng taqsimlanmaydi.
Chunki, Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida berilgan 5 mlrd so‘m maqsadli ishlatilib, Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli ko‘chaning infratuzilmasi yaxshilandi, kun-u tun ishlaydigan maskanga aylantirildi.
Ishning samarasi ko‘ringani sababli tumanga yana 10 mlrd so‘m ajratilgan edi, ko‘chaga tutashgan daryo bo‘yi obodonlashtirildi, savdo-servis uchun qo‘shimcha joy ochildi. Natijada 130 ta yangi tadbirkor ish boshlab, 700 nafar odamni band qildi.
Lekin xuddi shunday “drayver” loyihalar uchun mablag‘ olgan Uchko‘prik, Bektemir, Jomboy, Kitob, Toshkent tumanlarida hali natija ko‘ringani yo‘qligi aytildi.
“Endi qaysi hokim tez harakat qilib, aniq loyiha asosida natija ko‘rsatsa, o‘sha tuman ko‘p mablag‘ oladi”, — dedi prezident.
Viloyat hokimlariga ish o‘rni yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga katta turtki beradigan loyihalarni saralab, barcha tayyorgarlikni shu yilning o‘zida oxiriga yetkazish topshirildi.
Avvalroq mahalla yettiligi joylashadigan binolar 7 yilgacha yer va mol-mulk solig‘idan ozod etilishi haqida xabar berilgandi. Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming kvgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi.
