Donald Tramp 200 dan ortiq oziq-ovqat mahsulotlariga, jumladan, qahva, mol go‘shti, banan va apelsin sharbatiga oshirilgan bojlarni bekor qildi. Trampning tegishli farmoni 14-noyabr Oq uy saytida e’lon qilindi.
Reuters agentligining aniqlik kiritishicha, bu chora AQSh aholisining oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi bilan bog‘liq xavotirlari ortib borayotgan bir paytda qabul qilingan va 13-noyabr, payshanba kuni yarim tunda kuchga kirgan.
Yuqori tariflarning bekor qilinishi Tramp siyosatida keskin burilish bo‘lishini anglatadi, u uzoq vaqt davomida yil boshida joriy qilgan yuqori import bojlari inflyatsiyaga hissa qo‘shmasligini ta’kidladi, deydi mualliflar.
Donald Tramp 14-noyabr kuni Air Force One prezident samolyotida jurnalistlarning savoliga javob berar ekan, bojlar “ayrim hollarda” narxlarning ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini tan oldi. Biroq, u amalda AQShda “inflyatsiya deyarli yo‘qligini” ta’kidladi.
Oq uy rahbari qo‘shimcha qilishicha, u kelgusi yil mobaynida past yoki o‘rta daromadli har bir amerikalikka yuqori bojlar natijasida davlat xazinasiga tushgan mablag‘lardan $2000 dan to‘lash niyatini saqlab qolmoqda.
Sentabr oyidagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha mol go‘shti qiymasi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 13% ga, steyklar esa deyarli 17% ga qimmatlashgan.
Ikkala mahsulot narxining o‘sishi Trampdan oldingi prezident, demokrat Jo Bayden davrida inflyatsiya cho‘qqisiga yaqinlashgan paytdan buyon uch yildan ortiq vaqt ichidagi eng sezilarli ko‘rsatkich bo‘ldi.
AQSh yirik mol go‘shti ishlab chiqaruvchisi bo‘lishiga qaramay, so‘nggi yillardagi qoramolning doimiy tanqisligi mol go‘shti narxini yuqori darajada saqlab kelmoqda.
Banan narxi taxminan 7% ga, pomidor narxi esa 1% ga ko‘tarildi. Uyda iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga umumiy xarajatlar sentabr oyida 2,7% ga oshdi.
Qayd etilishicha, bojlardan ozod etilish ko‘plab sanoat guruhlari tomonidan ma’qullandi, ayrim guruhlar esa o‘z mahsulotlari imtiyozlar doirasiga kirmaganidan norozilik bildirdilar.
Avvalroq Donald Tramp Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarga sanksiya qo‘llanishi mumkinligi haqida aytgandi.
Tramp Rossiya bilan savdo-sotiq qilayotgan har qanday davlatga nisbatan jazo choralarini joriy etuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
