YouTube mobil ilovasida video va xabar almashish funksiyasini qayta sinovdan o‘tkazishni boshladi.

Bu funksiya YouTube ilovasida videolarni, qisqa roliklarni (Shorts) va jonli efirlarni yuborish hamda ular haqida matnli xabarlar orqali muhokama qilish imkonini beradi.

Funksiyadan foydalana oladigan shaxslar boshqalarga havola yuborish orqali videoni ulashishni taklif qilishlari mumkin. Rolikni “Ulashish” tugmasi yordamida jo‘natish mumkin.

Sinovdan o‘tkazuvchilarda “Xabarlar” bo‘limi ham paydo bo‘ladi. Muhokama chatlarini o‘chirib tashlash va xabar kelishini istamaydigan foydalanuvchilarni bloklash imkoniyati mavjud.

YouTube 2017-yilda mobil ilova ichida xabar almashish funksiyasini sinovdan o‘tkazgan edi, ammo 2019-yilda undan voz kechgan. Hozirgi tajribaning muddati xizmat tomonidan e’lon qilinmagan.


Avvalroq Spot YouTube SI yordamida videolar sifatini avtomatik ravishda yaxshilashni boshlashi haqida yozgandi.

Bunday imkoniyat ixtiyoriy bo‘lib, mualliflar ham, tomoshabinlar ham avtomatik yaxshilanishdan voz kechish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.