Gamburg sudi Alisher Usmonovning Germaniya fuqarosiga qarshi da’vosida tadbirkorning foydasiga hukm chiqardi, deya xabar berdi IntelliNews nashri.

Usmonovning advokatiga ko‘ra, javobgar Facebook’da Usmonov singlisi Saodat Narziyevadan Shveysariya bankidagi aktivlarini yashirish uchun foydalangani haqida da’vo qilgan edi.

Qayd etilishicha, bu qaror 2022-yil aprelida Narziyevaga qarshi qo‘yilgan va Yevropa Ittifoqi hamda Buyuk Britaniya sanksiyalariga asos bo‘lgan ayblovlarga o‘xshash da’volarni bekor qiladi.

O‘sha sanksiyalar The Guardian va OCCRP tergovlariga tayanib, Usmonov singlisiga “katta aktivlarni o‘tkazgani” va uning “akasi bilan bog‘liq Shveysariya banklaridagi 27 ta hisobga egalik qilgani” haqida xabar bergan edi.

2025-yil sentabrida Germaniya fuqarosi Facebook’ga post joylab, Usmonov “Credit Suisse’dagi hisoblar uchun singlisini nominal egasi sifatida ishlatgan” deb da’vo qilgan. Usmonov bu ayblovni sudga berdi va sud mazkur bayonotni noqonuniy hamda uning huquqlarini buzuvchi deb topdi. Shundan so‘ng post o‘chirildi.

Usmonov va uning singlisi Credit Suisse hisobraqamlari orqali aktivlar o‘tkazilgani haqidagi da’volarni inkor etmoqda. Bne IntelliNews o‘tkazgan tergov shuni ko‘rsatdiki, bu ayblovlar oqib chiqqan va to‘liq bo‘lmagan hisob ma’lumotlarini noto‘g‘ri talqin qilish natijasida yuzaga kelgan.

Bu ma’lumotlarda Narziyevaning ismi qisqa muddat davomida texnik sabablarga ko‘ra ko‘rsatilgan, chunki u bank hisobraqamlari bilan bog‘liq kompaniyalarning bir nechta minoritar aksiyadorlaridan biri bo‘lgan.

2006-yildan 2014-yilgacha bo‘lgan davrdagi hisob ma’lumotlarining keng qamrovli tahlili asosida olib borilgan tergov shuni ko‘rsatdiki, Narziyeva hech qachon hisoblarni boshqarmagan yoki ularga kirish imkoniga ega bo‘lmagan.

2022-yil sentabrida Yevropa Kengashi kam uchraydigan holat sifatida Narziyevani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Biroq Buyuk Britaniyaning unga nisbatan sanksiyalari hali ham amal qiladi.

“Bu Yevropa Ittifoqi sudi Usmonov yoki uning qarindoshlariga qo‘yilgan ayblovlar faktlar bilan asoslanmaganini tasdiqlayotgan birinchi holat emas” — dedi Usmonov manfaatlarini himoya qiluvchi mediayurist Yoaxim Shtaynxyofel.

Uning qo‘shimcha qilishicha, sanksiyalar va obro‘-e'tibor jurnalistik xatolar ustiga qurilmasligi kerak. Gamburg sudining qarori, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Kengashi Narziyevani allaqachon sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarganligi unga nisbatan cheklov choralari soxta asoslarga ko‘ra kiritilganligini va ular o‘z kuchida qolgan barcha yurisdiksiyalarda bekor qilinishi kerakligini ko‘rsatadi.


Avvalroq Yevropa Ittifoqi sudi Alisher Usmonovning Yevropa sanksiyalarini bekor qilish haqidagi da’vosini yana rad etgani haqida xabar berilgandi.