Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan davrda 210 mln kvadrat metr turar va noturar joylar foydalanishga topshirildi. Aholi uchun 565 mingta, avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p xonadon qurildi. Qurilish materiallarining sanoatining hajmi so‘nggi 8 yilda 4 barobar o‘sib, 2025-yilda 53 trln so‘mga, eksporti esa $1,1 mlrdga yetishi kutilmoqda.

Tarmoq Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarining ilgari sanoati bo‘lmagan tumanlarida ish o‘rni va daromad manbai yaratadigan katta “drayver” sohaga aylangani qayd etildi. Sohada mahsulotlar sifati va standartlarga rioya etish, logistika masalalari, yangi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.

PVX-quvur, fitinglar, pardozbop tosh va qurilish oynasi ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar mavjud bo‘lsa-da, 2024-yilda bu mahsulotlar katta hajmda import qilingan. Taqdimotda kelgusidagi asosiy rejalar bayon qilindi.

Xususan, tarmoqda $2,4 mlrdlik 112 ta loyihani amalga oshirish, ular orqali 13,5 mingta ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Strategik ahamiyatga ega $110 mlnlik yana 5 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Kelgusi yillarda loyihalar portfelini $3,5 mldrga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Prezident bu loyihalar har bir viloyat va tumanning mavjud zaxiralari, xomashyo bazasi va logistika imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi zarurligini ta‘kidladi.

Qo‘shni mamlakatlarda $4 mlrddan ziyod qurilish materiallari bozori bor. Bundan tashqari, 26 mamlakatga 9 ta mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish imkoni mavjud.

Mutasaddilarga hududlar va tarmoqlarning eksport imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, tashqi bozorlarga chiqishni faollashtirish, eksportbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish topshirildi.

Taqdimotda kaolin zaxiralaridan samarali foydalanish masalalari ham o‘rganildi. Mamlakatda 1 mlrd tonnadan ortiq kaolin bo‘lishiga qaramay, har yili millionlab dollarlik chinni import qilinayotgani qayd etildi. Shu bois, kelgusi yilda kaolinni chuqur qayta ishlash bo‘yicha $515 mlnlik 40 ta loyihani amalga oshirish va 460 nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

Iyul oyida O‘zbekistonda qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish rejalashtirilayotgani aytilgandi.

Spot, avvalroq, uy-joy qurilishi ikki barobarga, ipoteka kreditlari esa 10 barobarga oshirilishi haqida yozgandi.