Avvalroq prezidentning Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, 2027-yilgacha turizm sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalar tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi.
Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan va litsenziyaga ega turoperatorlarga istisno tariqasida transport vositalarini olib kelishga yengilliklar beriladi.
Ularga ekstremal turlar uchun 2,4 litr va undan katta dvigatelli yuqori o‘tuvchan transport vositalarini import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25% i miqdorida to‘lashga ruxsat etiladi. Bu to‘lovlarni 3 yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin.
Bundan tashqari, import qilinadigan transportlarning sonidan qatʼi nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat etiladi.
2030-yilgacha Brand Finance‘ning top-50 reytingida turuvchi brend bilan dastlabki kelishuvga ega bo‘lgan tadbirkorlar mehmonxona qurilishini boshlasa, ularga imtiyoz beriladi.
Xususan, mehmonxonani brend talablariga muvofiq jihozlash uchun olib kiriladigan uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar bojxona bojidan ozod qilinadi. Bu imtiyoz faqat qurilish va jihozlash jarayoniga taalluqli bo‘ladi.
Avgust oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan imtiyoz yana uch yilga uzaytirilishi va mikroavtobuslarga ham joriy qilishini aytilgandi.
Spot, avvalroq, 2026-yildan chet ellik sayyohlarga xaridlar uchun QQS naqd pulda qaytarilishi haqida yozgandi.
