Avvalroq prezident qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda qurilish materiallari tarmog‘ida energiya samaradorligini oshirish masalasiga ham alohida e‘tibor qaratildi.

Bugungi kungacha 34 ta korxonada energiya auditining o‘tkazilishi natijasida mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan yoqilg‘i miqdorining kamayishiga erishildi.

Bu ishlarni tizimli davom ettirib, ishlab chiqarilayotgan energiya tejovchi mahsulotlarning turini kengaytirish, qurilishda foydalaniladigan energiya tejamkor va ekologik mahsulotlarning ulushini kelgusi yili 25% ga, 2030-yilga qadar esa 35% gacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Mahsulot sifati va xavfsizligini oshirishda ilm-fanning o‘rni muhimligi, olimlarning salohiyatidan kengroq foydalanish zarurligi ta‘kidlandi.

Bu borada Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda 4 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda, Germaniya, Koreya va Turkiyadan olimlar jalb etilgan. Amaliyot va fan integratsiyasini kuchaytirish doirasida kelgusi yildan qurilish materiallari yo‘nalishidagi ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun 30 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Korxonalarda raqamli boshqaruv va sun‘iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali tannarxni 5−10% ga qisqartirish mumkinligi ta‘kidlandi. Bunday tizimlar joriy etiladigan korxonalarni ko‘paytirish maqsadida ikki yil davomida 100 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a‘zo bo‘lishi jarayonida qurilish materiallari sohasi ham xalqaro talablarga moslashtirilmoqda. O‘tgan davrda bu borada 125 ta xalqaro standart qabul qilindi. 2026-yilda buni 166 taga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Prezident belgilangan rejalarni amalga oshirish, yuqori sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.


Spot, avvalroq, qurilish materiallari sohasida $2,4 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish orqali 13,5 mingta ish o‘rni yaratilishi haqida yozgandi.