Airbus Helicopters kompaniyasi O‘zbekistonning harbiy va ikkiyoqlama texnikalarni import qilish bilan shug‘ullanuvchi Uztechtrade korxonasi bilan Flexrotor tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya ijrochi vitse-prezidenti, Global Business rahbari Olive Mixalon O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Flexrotor‘ning birinchi xaridoriga aylanganini aytdi.

“Bu tanlov O‘zbekistonning innovatsion texnologiyalarni joriy etishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi va ekipajli hamda ekipajsiz platformalar bo‘yicha hamkorligimizni yana-da mustahkamlaydi”, — dedi u.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Flexrotor‘ni ekipajli va ekipajsiz qurilmalar jamoasining ilg‘or ssenariylarida qo‘llashni rejalashtirmoqda. Bu esa vaziyatni baholash va vazifani samarali bajarish uchun uning faoliyatini ekipajli vertolyotlar bilan uyg‘unlashtirishga imkon beradi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda temir yo‘llarning holati dronlar orqali nazorat qilinishi haqida yozgandi.

Flexrotor — Airbus UAS portfelidagi eng yangi vertikal uchish-qo‘nish imkoniyatiga ega ekipajsiz uchish apparati hisoblanadi. Uning maksimal uchish og‘irligi 25 kg bo‘lib, standart konfiguratsiyada 12−14 soat davomida ISTAR (razvedka, kuzatuv, nishonni aniqlash va ma‘lumot to‘plash) vazifalarini bajarishi mumkin.

U turli operatsion ehtiyojlarga moslashuvchan bo‘lib, mijoz talabiga qarab elektron-optik tizimlar, ilg‘or sensorlar va boshqa foydali yuklar bilan jihozlanadi. Asosan razvedka, kuzatuv va ma‘lumot yig‘ish kabi keng ko‘lamli missiyalar uchun mo‘ljallangan.