Google Android va iPhone o‘rtasida ma’lumotlarni simsiz AirDrop orqali uzatish imkonini beruvchi yangi funksiyani rasman ishga tushirdi. Texnologiya internetga ulanishni talab qilmaydi.

Yangi funksiyadan foydalanish uchun Android smartfonida Quick Share xizmatini yoqib, ko‘chirmoqchi bo‘lgan ma’lumotlarni (rasmlar, videolar, hujjatlar, fayllar, kontaktlar va hokazo) tanlash lozim. Shu vaqtda iPhone’da AirDrop yoqiq bo‘lishi kerak.

Android smartfonida iPhone qurilmasining nomi ko‘rinadi, shundan so‘ng ma’lumotlarni uzatish mumkin bo‘ladi.

Google’dagi mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi xususiyat internetsiz ham ishlaydi. Kompaniya, shuningdek, ma’lumot uzatish tezligi xuddi ikki iPhone o‘rtasida AirDrop orqali amalga oshirilganidek ekanligini bildirmoqda.

Ushbu texnologiya teskari yo‘nalishda ham ishlaydi — ya’ni iPhone’dan Android qurilmasiga ham ma’lumotlarni uzatish mumkin.

Hozirda AirDrop orqali ma’lumotlarni uzatish funksiyasi Google Pixel 10 (Pro, XL va Fold) qatoridagi smartfonlar uchun faqat Android 16 da mavjud.

Agar Apple bu funksiyani taqiqlamasa, Google uni boshqa Android smartfonlariga, jumladan Samsung, Xiaomi va boshqalarga ham joriy etishni rejalashtirmoqda.

Android va iPhone o‘rtasida AirDrop orqali ma’lumotlarni uzatish funksiyasi Apple bilan kelishilmagan holda Google tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan.

Google qandaydir yo‘l bilan AirDrop protokolini taqlid qilishni o‘zlashtirgan, bu esa funksiyani amalga oshirishni imkonli qilgan. Apple hozircha Googlening bu yangiligiga izoh bermagan.

Odatda, Apple ikki ekotizimning har qanday o‘zaro ta’sirini taqiqlaydi (iOSdagi iMessage va Androiddagi “Xabarlar” o‘rtasidagi RCS xabarlaridan tashqari). Ehtimol, kelajakda kompaniya xavfsizlik qoidalariga asoslanib, ushbu funksiyadan foydalanishni cheklashga qaror qilishi mumkin.


Avvalroq Google foydalanuvchilarni SI orqali kuzatishda ayblanaytgani haqida xabar berilgandi.

Da’voga ko‘ra, Google foydalanuvchilarning Gmail, Chat va Meet’dagi ma’lumotlarini to‘plash uchun Gemini funksiyasini yashirincha yoqqani taxmin qilinmoqda.