O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Regulyator 24-noyabrdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursini 11 971,40 so‘m etib belgiladi. Savdo kuni davomida kurs 56 so‘m 73 tiyinga oshdi.

20-noyabr kuni 2023-yil 9-avgustdan beri eng past darajaga tushib, 11 910,93 so‘mni tashkil qildi. O‘shanda kurs 11 667 so‘mni tashkil qilgandi.

O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb $16 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $15,8 mlrd miqdorida valyuta mablag‘lari kelib tushdi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 25% yoki $3,2 mlrdga ko‘p.

Bunda, transfertlar miqdori ketma-ket ikki oylik pasayishdan keyin, oktabr oyida biroz oshdi — $1,86 mlrd. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan o‘sish 36,8% bo‘ldi. Joriy yilning avgust oyida pul o‘tkazmalari hajmi $1,9 mlrd (+22,6%), sentabrda esa $1,84 mlrd (+25,2%) ni tashkil etgan.