O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika inqirozi fonida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib beradi, deya xabar berdi Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

22-noyabr kuni Olmaotada Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston suv-energetika idoralari rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda O‘zbekiston tomonidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ishtirok etdi. Tomonlar suv-energetika sohasidagi hamkorlikning keyingi parametrlari to‘g‘risida kelishib oldilar.

“To‘xtag‘ul suv omboridagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, uchrashuv ishtirokchilari bir-birlarini o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish orqali qo‘llab-quvvatlashga, isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish va kelgusi vegetatsiya davriga tayyorgarlik ko‘rish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaror qilishdi”, — deyiladi xabarda.

elektr energiyasi, o'zbekiston, qirg'iziston, qozogʻiston

Qozog‘iston va O‘zbekiston kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib beradi, bu esa Qirg‘iziston tomoniga qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va To‘xtag‘ul suv omborida suv to‘plash imkonini beradi.

Jamg‘arilgan hajm vegetatsiya davrida janubiy hududlarning qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror sug‘orishni ta’minlash uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, mintaqada iste’molni kamaytirish va energiyani tejash bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘rishga kelishib olindi.

O‘zbekiston, shuningdek, tranzit, yetkazib berish va energiya tizimini muvozanatlash uchun texnik shartlarni ta’minlashga tayyorligini tasdiqladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 2026-yil vegetatsiya davri uchun qishki elektr energiyasi yetkazib berish va suv zaxirasini to‘plash hajmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi uch tomonlama bayonnoma imzolandi.

Yaqinda Qirg‘iziston Energetika vazirligi mamlakatdagi barcha mayning fermalarini o‘chirishga qaror qildi. Vazirlik rahbari Taalaybek Ibrayev bu qarorni elektr energiyasi taqchilligi bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar To‘xtag‘ul suv omboridagi suv zaxiralarini saqlab qolish va qish mavsumida mamlakatni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun zarur.

To‘xtag‘ul suv omborining hajmi 2024-yil noyabriga nisbatan 2 mlrd kub metrga kamaydi. Vazir Qirg‘iziston aholisini 2026-yilda bahorgi suv toshqini boshlanguncha suv sathini kritik darajadan yuqori ushlab turish uchun energiyani tejashga chaqirdi.


Avvalroq O‘zbekiston 2026-yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettirishi haqida xabar berilgandi.

O‘zenergosotish Afg‘onistonning DABS kompaniyasi bilan kelasi yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnomani imzoladi.