O‘zbekistonda dollar kursi yana ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 11 988,32 so‘m etib belgiladi. Savdo kuni davomida kurs 16 so‘m 92 tiyinga oshdi.
20-noyabr kuni 2023-yil 9-avgustdan beri eng past darajaga tushib, 11 910,93 so‘mni tashkil qildi. O‘shanda kurs 11 667 so‘mni tashkil qilgandi.
O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb $16 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $15,8 mlrd miqdorida valyuta mablag‘lari kelib tushdi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 25% yoki $3,2 mlrdga ko‘p.
Bunda, transferlar miqdori ketma-ket ikki oylik pasayishdan keyin, oktabr oyida biroz oshdi — $1,86 mlrd. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan o‘sish 36,8% bo‘ldi. Joriy yilning avgust oyida pul o‘tkazmalari hajmi $1,9 mlrd (+22,6%), sentabrda esa $1,84 mlrd (+25,2%) ni tashkil etgan.
