Andijon va Namangan viloyatlarida Germaniyaning dual kasbiy taʼlim modeli joriy etiladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Viloyatlardagi oliy taʼlim boshqarmalari rahbarlari hamda politexnikum direktorlari Leypsig shahriga amaliy safar uyushtirdi.
Tashrif doirasida Leypsig kasbiy taʼlim va qayta tayyorlash markazi (ZAW-Leipzig) direktori Mattias Mayer hamda Leypsig Savdo-sanoat palatasi boshqaruv direktori Mario Bauer bilan uchrashuv tashkil etildi.
Muloqotda viloyatlardagi o‘quv muassasalarida nemis dual kasbiy taʼlim modelini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiyasi aʼzolari ZAW-Leipzig tarkibiga kiruvchi o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari va kasb-hunar bo‘yicha taʼlim muassasalariga ham tashrif buyurdi.
Bu yerda ular dual taʼlim tizimi amaliyoti, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash mexanizmlari va ushbu jarayonda korxonalarning ishtiroki bilan tanishdi.
Tashrif davomida tomonlar o‘rtasida 2026-yildan nemis kasbiy taʼlim modellarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Ushbu memorandumga ko‘ra, vodiy viloyatlarida metallga ishlov berish, montaj texnologiyasi, qirqish va konstruksiya qilish, gastronomiya, sanoat elektrigi, pazzandachilik kabi mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlash ishlari ko‘zda tutilgan.
Sentabr oyida Namangandagi 49 ta texnikumda dual taʼlim yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya yuqori talabli mutaxassisliklar uchun dual taʼlimni joriy etishi mumkinligi haqida yozgandi.
